3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni

Mamlakatimizda har yili 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Bunda “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi 47/3-sonli qarori huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.


Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ijtimoiy hayotning barcha sohalarida himoya qilish, ularning muammolariga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etishdan iboratdir.
Shu munosabat bilan Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyat birlashgan qo‘mitasi tarmoq tizimiga a’zo – Samarqand viloyat Ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasida kasaba uyushmasi bilan xamkorlikda tadbir o‘tkazildi. Tadbirga nogironligi bo‘lgan yoki mehnatga layoqatlilik darajasi cheklangan fuqarolar taklif etildi.
Ushbu tadbirda Viloyat birlashgan qo‘mita raisi J.Ochilov ishtirok etib, barchani ushbu bayram bilan tabriklab, nogironligi bo‘lgan 10 nafar ishchi-xodimlarga kasaba uyushmasi tomonidan esdalik sovg‘alar, hamda 5 nafar nogiron ishchi-xodimlar uchun Xorazm viloyatiga bepul sayohat uyushtirildi.


Tadbirda kutubxona xodimlari tomonidan aytilgan she’r, yangragan kuy-qo‘shiqlar raqslarga ulanib barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Print Friendly, PDF & Email