Faoliyat sarhisob qilindi

Joriy yilning 26 dekabr kuni Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand (Jizzax, Navoiy) viloyat hududiy kengashining IV-Majlisi hamda 9-Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Majlis va yig‘ilishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat Kengashi raisi Suxrob Abdugafarovich Rafikov, tarmoq kasaba uyushmasi viloyat hududiy Kengashi va Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, apparat xodimlari hamda boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari raislari ishtirok etdi.

Majlisni tarmoq kasaba uyushmasi Samarqand (Jizzax, Navoiy) viloyat hududiy kengashi raisi Olimxon Absamatovich Mirzayev olib bordi.

Yig‘ilish kun tartibida viloyat kengashi hamda tarmoq tizimidagi korxona va tashkilotlarning 2023 yil davomidagi faoliyati yakunlari, 2024 yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar hamda  “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Respublika kengashi tomonidan mehnatkashlarning mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida 2023 yil davomida muayyan ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda tarmoq tizimidagi korxonalarda tuzilgan jamoa shartnomalari ijtimoiy sheriklikning eng asosiy hujjati sifatida kasaba uyushmalari harakatini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilib, ularning bajarilishi ish beruvchi va kasaba uyushmalarining doimiy e’tiborida ekanligi ta’kidlandi.

Ijtimoiy sheriklik natijasida xodimlarning turli tabaqalariga manzilli yordam ko‘rsatish, mehnat sharoitlari va muhofazasi, mehnatga haq to‘lash, bandlikni ta’minlash, sog‘lomlashtirish kabi masalalarga oid O‘zbekiston Respublikasining qator qonunlariga, hukumat qarorlari va boshqa me’yoriy hujjatlarga asoslangan holda jamoa shartnomalari tuzilib, ular mehnat shart-sharoitlari mezonlariga muvofiqlashtirildi.

Tarmoq xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi” ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha dasturi tasdiqlangan bo‘lib, dastur doirasida barcha tadbirlar o‘z vaqtida ijro etilganligi ta’kidlab o‘tildi.

Majlis va yig‘ilish davomida viloyat hududiy kengashi tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2023 yil sport va Federatsiya Kengashi tizimida o‘tkazilayotgan ko‘rik tanlovlarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar ta’kidlab o‘tildi. 

Majlisda so‘zga chiqqan kengash a’zolari faoliyat yuzasidan o‘zlarining fikr va mulohazalarini hamda kelgusi yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha takliflarini bildirdilar.

Kengash yig‘ilishida tarmoq va tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahliliy va tanqidiy ko‘rib chiqildi hamda viloyat kengashining 2024 yilda amalga oshirishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Yig‘ilish so‘ngida “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” va “Eng yaxshi jamoa shartnomasi” “Mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha eng yaxshi korxona” ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari, yil davomida kasaba uyushmalarida faol bo‘lgan tashkilot rahbar va kasaba uyushma qo‘mita raislari diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi, shuningdek yangi yil savg‘alari taqdim etildi.

Print Friendly, PDF & Email