ICHKI TURIZM KUCHAYTIRILADI

Matbuot uyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi raisi Suxrob Rafikov ishtirokida ishchi xodimlarni turizmga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida viloyat va respublika ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Viloyat kengashi raisi Suxrob Rafikov ishchi xodimlarni turizmga jalb etish yuzasidan viloyat kasaba uyushmalari tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Xususan Kasaba uyushmalari tizimida turizmni rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” dasturi doirasida jamoa shartnomalari va tarmoq kelishuvlariga kiritish orqali joriy yilning yanvar-iyul oylarida 8364 nafar, shundan 5671 nafari o‘z hududlaridagi diqqatga sazovor qadamjolarga, 2693 nafarini tarixiy shaharlarga, xodimlar hamda ularning oila a’zolarining sayohatlari tashkil etilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining 2023 yil 27-yanvardagi “Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ichki turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish to‘g‘risida”gi 8-13 “s” qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yilda 950 nafar ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari Xorazm viloyatiga 3 kunlik, 300 nafar ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari Toshkent shahriga  2 kunlik bepul sayohatga borib kelishdi.

Viloyat kengashi tomonidan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan Samarqand viloyatining tuman va shaharlaridagi, olis va chekka qishloqlarida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 900 nafar xotin-qizlar uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi asosida Samarqand shahri bo‘ylab ziyorat sayohati hamda “Muqaddas ayol” nomli madaniy tadbir tashkil etilgan.

Ushbu dasturga asosan xotin-qizlar uchun Samarqand shahrida yangi barpo qilingan “Silk Road” turizm markazi, “Boqiy shahar” turizm majmuasi, “Registon” majmuasi, birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning maqbarasiga tashriflar, Samarqand shahridagi “Oltin Samarqand” bazmgohida bayram tadbiri va konsert dasturi namoyish etilgan.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarning savollariga javob berildi.

Print Friendly, PDF & Email