OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI XODIMLARI SANATORIYA FAOLIYATI BILAN YAQINDAN TANISHDI
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan bevosita tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Nurobod tumanida joylashgan “Abu Ali ibn Sino sanatoriysi”ga Press-tur tashkil etildi.
Dastlab tadbir ishtirokchilari sanatoriyda dam oluvchilvrga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishib chiqdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi raisi Suxrob Rafikov hamda sanatoriy direktori Nodir Kamolovlar jurnalist va blogerlarga dam oluvchilarga yaratilgan sharoit hamda kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdilar.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi “Abu Ali ibn Sino sanatoriysi” MCHJda bugungi kunda 150 o‘rinli stasionarda 2 va 3 o‘rinli xonalar mavjud bo‘lib, sanatoriy kardiologik, nevrologik, harakat-tayanch organlari, kuygandan keyingi holatlar buyicha kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan.
“Abu Ali ibn Sino sanatoriysi” MCHJ hududida 2018 yilda 5 qavatli 100 o‘ringa mo‘ljallangan yotoq binosi, 2 qavatli davolash korpusi hamda 1 qavatli oshxona binolarining qurilish ishlari yakunlanish arafasida. Mazkur yangi kompleksda dam oluvchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar barcha zamon talablariga javob beradi.
Bundan tashqari, sanatoriyda yuqori va quyi chastotali tok bilan davolash muolajalari, uqalash xizmati, shifobaxsh balchiq, parafin, manual terapiya xizmatlari ko‘rsatiladi hamda yuqori nafas yo‘llarini davolashda xizmat qiluvchi zamonaviy tuz g‘ori faoliyat yuritmoqda.
“Abu Ali Ibn Sino sanatoriysi” MCHJning asosiy davolash omili- 750 metr chuqurlikdan chiquvchi radonli suvining fizik-kimyoviy xossalari N.A.Semashko nomidagi ilmiy-tekshirish instituti olimlari tomonidan o‘rganilgan va tarkibida mashhur “Sxaltubo” sanatoriyasi suviga o‘xshash, harorati 37-43 S li, tarkibida 20-25 nKi/l (nanokyuri) radon tutuvchi, xloril-sulfat natriyli, kam ishqorli (RN-8,1) va azot gazli shifobaxsh suv ekanligi aniqlangan.
Ushbu suv kimyoviy tarkibiga ko‘ra, o‘zida kationlar (ammoniy, kaliy, natriy, magniy, kalsiy), anionlar (xlor, sulfat, gidrokarbonat, nitrat) tutuvchi “Termal, kuchsiz minerallashgan, moʻtadil gidrokarbonat-sulfat-kalsiy-natriyli ma’danli suv” hisoblanadi.
Radon (lot. Radonum), (Rn) - radioaktiv ximiyaviy element, rangsiz, hidsiz, mazasiz inert gaz.
Radonli suvlar nafaqat vannalar ko‘rinishida, dush, radonli suvni ichish orqali davolashda, shuningdek ichaklarni yuvishda foydalaniladi.
Radonli suvni ichish orqali davolashda siydik kislotasi almashinuvi yaxshilanishi kuzatilib, jigar faoliyati me’yorlashadi. Shuningdek oshqozon va ichaklarning motorikasi (harakati) va shira ajratishi, jigar va oshqozon osti bezida qon aylanishi yaxshilanishi sababli, ularning suyuqlik va ferment ajratish faoliyati faollashadi.
Oshqozon shilliq qavatida tiklanish jarayonlari faollashib, surunkali gastrit, ezofagit, oshqozon va 12 barmoq ichak yara kasalliklarida davolovchi samara beradi.
Rodonli suv og‘riq qoldiruvchi ta’sir ko‘rsatadi, oshqozon, ichaklar va siydik ajratish organlari silliq mushaklarini harakatini kuchaytiradi. Buyraklarda filtratsiya va ajratish funksiyalarini yaxshilashi, shuningdek organizm umumiy immunitetini oshirishi sababli, buyraklardagi yallig‘lanish jarayonlarini kamaytiradi.
Radonli vannalar teridagi mikrosirkulyasiyani yaxshilaydi, yurak faoliyatini, arterial qon bosimini me’yorlashtiradi, immunitetni kuchaytiradi, yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatadi, qonning morfologik tarkibi va ivuvchanligini me’yorlashtiradi, to‘qimalarning tiklanishini tezlashtiradi, asosiy modda almashinuviga me’yorlovchi ta’sir ko‘rsatadi. Radonoterapiya hozirgi vaqtda nosteroid yallig‘lanishga qarshi dori vositalari bilan davolash o‘rnini bosuvchi samarali usuldir.