Kasaba ushmalari tomonidan ishchi-xodimlarni sog‘lomlashtirish ko‘lami oshmoqda

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi tomonidan mehnatkashlarni sog‘lomlashtirish va dam olishini ta’minlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish hamda bolalarni yozgi ta’til vaqtida oromgohlarda dam oldirish ishlari 2022 yil uchun belgilangan chora-tadbirlar rejasi asosida tashkil etildi.

2021 yil 9 dekabrdagi “2022 yil uchun sanatoriylar va dam olish uylariga yo‘llanmalarni taqsimlash rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 3-11 “s” sonli qarori qabul qilindi. Yil davomida kasaba uyushma byudjeti va ijtimoiy sug‘urta byudjeti mablag‘lari hisobidan viloyatimizdagi tashkilot va korxonalarda faoliyat olib borayotgan 5600 nafar ishchi xodimlarni sog‘lomlashtirish uchun jami 16 mlrd. 185 mln. 800 ming sum mablag‘ sarflandi.

Jumladan, 11 mlrd. 535 mln. 273 ming so‘mlik sanatoriy yo‘llanmalari bilan 3 ming 990 nafar ishlovchi xodimlar sog‘lomlashtirilgan bo‘lsa, 4 mlrd. 650 mln. 527 ming so‘mlik sanatoriy yo‘llanmalari bilan ishchi-xodimlarning 1610 nafar oila a’zolarini dam oldirishga erishildi.

Shundan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2021 yil 2 dekabrdagi 6-10 “s” sonli rayosat qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida, foydalanilgan sanatoriy yo‘llanmalarning 248 tasi mehnat va urush faxriylari, baynalminalchi jangchilar, Chernobilchilar, olis va chekka hududlarda yashovchi farzand talab yosh oila vakillari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishlovchi vakillariga bepul berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6108 son Farmonining 9-bandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosatining 2020 yil 14 dekabrdagi «Xalq ta’limi tizimidagi muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish ishlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi 54-q/q sonli, 01-16 «s» sonli qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati kengashining 2022 yil 18 yanvardagi “Xalq ta’limi tizimidagi muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish ishlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi 3-18 “s” sonli qarori qarori qabul qilindi va viloyatimizdagi 520 nafar o‘qituvchi va murabbiylarimiz bepul sog‘lomlashtirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining “Xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda kasaba uyushmalari ishtirokini tubdan kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2021 yil 15 martdagi 2-35 “s” sonli qarori bilan o‘z farzandlarini yurtga sadoqatli etib tarbiyalab, voyaga yetkazgan, ibratli va matonatli 30 nafar ayollarimiz viloyatimizdagi “Abu Ali Ibn Sino” sanatoriysining zamonaviy ko‘rinishda qurilgan binosida bepul sog‘lomlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 martdagi 67-sonli «Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi tomonidan 2017 yil 31 martda 2872 son bilan ro‘yxatga olingan «Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari to‘g‘risida”gi Nizomga asosan 2022 yil mavsumi uchun bolalar yozgi oromgohlari tashkil etilib, 9720 nafar bolalar sog‘lomlashtirildi.

Yuqorida amalga oshirilgan ishlarning davomi sifatida joriy yilda ham ushbu yo‘nalishda katta rejalarni belgilab olganmiz. 2023 yilda viloyatimizning 6 mingdan ortiq ishchi-xodimlari va ularning oila-a’zolarini imtiyozli ravishda sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan 200 nafar o‘qituvchi-murabbiylarni bepul sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan aholimizning salomatligini yaxshilash hamda dam olish ko‘lamini yanada oshirish maqsadida, so‘nggi ikki yilda kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan Sirdaryo viloyatida “Yangiyer”, Surxondaryo viloyatida “Xo‘jai Pok”, Toshkent viloyatida “Zarkent” va “Ko‘hinur”, Toshkent shahrida “Chinobod-Plaza” va viloyatimizdagi “Abu Ali Ibn Sino” sanatoriylari yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.

Ushbu sanatoriylarda sog‘lomlashtirish uchun yo‘llanma to‘lovlari  3 xil tartibda: 

1.Bepul (to‘lovsiz) – mehnat va urush faxriylari, baynalminalchi jangchilar, Chernobilchilar, olis va chekka hududlarda yashovchi farzand talab yosh oila vakillari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishlovchi vakillari bepul dam olishi mumkin.

2.Imtiyozli (45%li) to‘lov – O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2013 yil 26 yanvardagi 9-24 sonli qaror bilan tasdiqlangan Yo‘riqnomaga asosan ishchi-xodimlar va ularning oila-a’zolari imtiyozli ravishda, ya’ni yo‘llanma qiymatining (45%) to‘lovini to‘lab kasaba uyushmalari tizimidagi turli sanatoriylarda dam olishi mumkin.

3.To‘liq (100%li) qiymatda -Viloyat kasaba uyushma kengashi qoshida “Shuhrat oromi” MCHJ faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu korxona tomonidan hozirgi kunda vaqtincha ishlamayotgan fuqarolarimiz va chet davlatlarda dam olishni xohlovchilar uchun sanatoriy yo‘llanmaning to‘liq (100%) qiymatini to‘lab o‘z sog‘ligini mustahkamlash imkoniyati yaratilgan.

Sanatoriylarga yo‘llanma bilan borib, dam olish va salomatlikni mustahkamlash muddati 10-12 kundan iborat.

Sanatoriy yo‘llanmasidan foydalanuvchi xodimdan quyidagi hujjatlar talab etiladi:

– ariza;

– tibbiy ma’lumotnoma;

– pasport nusxasi;

– mehnat daftarchasi nusxasi; 

– mehnat ta’tili berilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;

yo‘llanma qiymati to‘liq yoki qisman to‘langani to‘g‘risidagi to‘lov qog‘ozi.

Ishchi-xodimlarning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi?

Yo‘llanma xodimning yaqin qarindoshlari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i va farzandlari)ga berilganda qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjatlar (tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma nusxasi) va turmush o‘rtog‘iga berilganda (nikoh guvohnomasi va pasport nusxalari) taqdim qilinishi talab etiladi. Mazkur holatda xodimning mehnat ta’tiliga chiqkanligi to‘g‘risidagi hujjat talab etilmaydi.

Ishchi va xodimlar kasaba uyushma yoki ijtimoiy sug‘urta byudjeti mablag‘lari hisobidan yo‘llanma olishidan qat’iy nazar, unga ikki yilda bir marotaba sanatoriy yo‘llanma berilishi belgilab qo‘yilgan.

Viloyat kengashining ijtimoiy sug‘urta bo‘limi mudiri Zarif Jozilov

Print Friendly, PDF & Email